Yog'duning (hozircha) o'zi kichkina, kitoblarga va o'zbek tiliga mehri esa ulkan jamoasi
Jamoamiz ko'zlarida yog'du porlagan kitobsevar professionallardan iborat. Bizning har birimiz bir-birimizni takrorlamaymiz, to'ldiramiz va birlashib bir ahil jamoamiz. Kitoblarni sifat bo'yicha mukammal chop etish uchun bir jamoaga qanday mutaxassislar kerak bo'lsa, barchasini jamlaganmiz.
Kitob bilim olishning asrlar sinovidan o'tgan yagona ko'rinishi. Undagi har bir detal biz uchun ahamiyatli va alohida e'tibor qaratamiz. Har bir kitobimiz mavzu jihatidan asrlardan keyin dolzarb bo'la olishiga ishonch hosil qiilsakgina chop etamiz. Tarjima, tahrir va nashr jarayonida nafaqat hozirgi, balki 100 yildan keyingi kitobxon oldida ham mas'uliyat his etamiz.
Chop etish
Kitobning tarjima va tahrirdan tashqari bosma sifati ham muhim. Yog‘duning har bir kitobi xorijdagi sifatli bosmaxonalarda nashr etiladi. Kitob formati, muqova dizayni va ranglardan kelib chiqib har bir kitob uchun qog‘ozlarni individual tanlaymiz. Kitoblarimiz qo‘ldan-qo‘lga, avloddan-avlodga bilim tashib xizmat qilishi uchun qog‘ozdan tortib yelimlanishigacha ahamiyat beramiz.
Nashrga tayyorlash
Tarjimalarda asliyat va muallif ruhiyatidan chekinmagan holda, g‘alizliklarsiz o‘zbekcha yangrashi biz uchun muhim. Chiroyli muqova, shrift va so‘zlar orasidagi masofa ko‘zni og‘ritmasligiga alohida ahamiyat beriladi. Har bir bosqichda professionallar bilan hamkorlik qilamiz va har bir detal ustida ishlaymiz. Ham muallif, ham tilimizga xiyonat qilmaslik biz uchun missiya.
Kitob tanlovi
Biz kimmiz va kitoblarimiz kim uchun bo‘ladi? Chop etiladigan kitob muallifi kim? Asar adabiyot olamida qanchalik yuk bosadi? Hozir qanchalik muhim va dolzarb, 50 yildan so‘ng-chi? Har bir kitobimiz aynan shu savollar asosida tanlanadi va shunga yarasha mas’uliyat ham his qilamiz. Manbalarimizdagi bo‘shliq va nashriyot qadriyatlarda tanlovimizdagi asosiy kompasdir.
Har qadamda mukammallik sari
Hujjatlar
Yog‘du brendi “MUSAFFO NASHRIYOT UYI” MCHJga tegishli brend. Nashriyot kitoblarni chop etish uchun tegishli barcha tasdiqnomalarga ega.